Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati izchil yuksalmoqda. Xususan, yangi avlod kompyuter tomografi (KT) qurilmasining ishga tushirilishi kasalliklarga erta va aniq tashxis qo‘yish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Bugungi kunda travmatologiya va ortopediya bo‘limida eng zamonaviy diagnostika hamda davolash usullari qo‘llanilmoqda. Murakkab jarrohlik amaliyotlari, jumladan, endoprotezlash, artroskopik operatsiyalar, bloklovchi osteosintez, skolioz va ko‘krak qafasi deformatsiyalarini bartaraf etishga qaratilgan muolajalar yuqori malakali mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, kompyuter tomografiyasi, magnit-rezonans tomografiya (MRT), raqamli rentgen, rentgen densitometriya, elektron podometriya hamda bo‘g‘imlarning ultratovush tekshiruvlari kabi ilg‘or diagnostika usullari bemorlarning salomatligini chuqur o‘rganish va samarali davolash rejasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tajribali shifokorlar Ko‘paysin Jamolov va Baxtiyor Qosimov zamonaviy tibbiy uskunalardan samarali foydalanib, bemorlarning salomatligini tiklash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.
Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasida yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, ilg‘or tibbiy texnologiyalar va malakali mutaxassislar salohiyati aholiga sifatli, tezkor va ishonchli tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlab, inson salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi muhim omillardan biriga aylanmoqda.








